Joriy yilning 26 iyun kuni Qo‘qon universitetida “Ilm va madaniyat yosh olim va yetakchilar nigohida” mavzusida birinchi Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya o‘tkazildi.

  Konferensiya ishida AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Daniya va Hindiston, shuningdek respublikamizning 8 ta viloyati, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 100 nafarga yaqin olim va mutaxassislar, iqtidorli talabalar, magistrlar ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiyada Vayoming universiteti (Wyoming university, AQSH) Ingliz tili markazining o‘quv dasturi mutaxassisi, PhD Dilnoza  Hasilova “Katta yoshdagi talabalar uchun maxsus kurslar: jahon tillari, savodxonligi va madaniyati” mavzusida, Yonnam universiteti (Yeongnam university, Koreya)  PhD, professor Alisher Dedahanov “Koreyada qattiq nazorat va samarasiz sukut: o‘zini o‘zi boshqarishda moderatorlikning roli” mavzusida ma’ruzalar qildilar. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi madaniy-gumanitar masalalar bo‘yicha attashesi Sardor Salimovning “Fransiyaning raqamli iqtisod sohasidagi tajribasi”,  Axborot-tahlil departamenti boshlig‘i (FLSmidth, Daniya) Umid Ahmedovning “Statistikaning funksional muammolarini hal qilish uchun murakkab axborot tizimlarini takomillashtirish” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi. 

Xalqaro vebinarda Qo‘qon universiteti professor-o‘qituvchilari “Yevropa ittifoqining yagona fuqarolik konsepsiyasi: O‘zbekistonda fuqarolik institutini rivojlantirish uchun saboqlar”, “Raqamli iqtisodiyotning jamiyat rivojiga ta’siri”, “Koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash siyosati” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar.

 Bo‘lib o‘tgan munozaralar hamda savol-javoblarda konferensiya ishtirokchilari mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Konferensiya shoʻbalari kesimida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tavsiyalar qabul qilindi va mutasaddi davlat idoralariga tegishliligi bo‘yicha yuboriladi.