Joriy yilning 25 iyul kuni Qo‘qon universitetida yetakchi iqtisodchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida “Xalqaro iqtisodiy integratsiyalashuv: zarurat va ahamiyat” mavzusida vebinar o‘tkazildi. 

Vebinarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Xosiyatovich Jumayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisod fanlar doktori Dilshod Alijonovich Raxmonovlarning ma’ruzalari tinglandi. 

Ma’ruzachilar bugungi kunda iqtisodiy integratsiyalashuv jarayonlarining muhimligi va ahamiyati, bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, mamlakatimizning globallashuv sharoitida xalqaro iqtisodiy tashkilotlarga a’zo bo‘lish zarurati va istiqboldagi imkoniyatlar haqida ma’ruza qildilar.

Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik, COVID-19 pandemiyasi sharoitida aholining ish bilan bandligini oshirish muammolari, innovatsion va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish istiqbollari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

Asosiy ma’ruzalardan so‘ng bo‘lib o‘tgan munozaralar va savol-javoblarda vebinar ishtirokchilari bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.