Qo‘qon universiteti rektori, fan doktori, professor Janob Sung Joon Leening universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilari va xodimlari hamda talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

— Hurmatli Qo‘qon universiteti talabalari! Sizlar bilan onlayn bo‘lsada uchrashib turganimizdan bag‘oyat mamnunman! Qo‘qon universitetini rivojlantirishga o‘z hissasini qoshayotgan universitet rahbariyati va barcha o‘qituvchilar hamda xodimlarga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. COVID-19 virusi pandemiyasi tufayli talabalar uyda onlayn ma'ruzalarni tinglayotganlari men uchun qayg‘uli. Ushbu pandemiya imkon qadar tezroq yakunlanib, sizlar bilan universitetda uchrashishni orziqib kutaman. KU Prezidenti ekanligimdan juda g‘ururlanaman va o‘zimda cheksiz mas'uliyatni his qilaman. Universitetimiz professor-o‘qituvchilari bilan Siz, aziz talabalar uchun bor kuchimizni ishga solamiz, - dedi universitet rektori Janob Sung Joon Lee. — So‘nggi 37 yil davomida men Koreyaning Woosong universitetida xalqaro savdo professori sifatida tadqiqot va ta'lim bilan shug‘ullanganman. Shu bilan bir qatorda, Koreyada vakolatxonalarni taqsimlash va boshqarish bo‘yicha akademik tashkilotning raisi va Koreya davlat idoralarining turli xil siyosatlarini ishlab chiqish bo‘yicha maslahatchisi sifatida Koreya hukumati darajasidagi dolzarb masalalarni hal qilishga intildim. Mening ko‘p yillik tajribam Qo‘qon universiteti faoliyati va rivojlanishida yordam beradi deb ishonaman. 

Qo‘qon universitetining asosiy maqsadi, Osiyodagi eng yaxshi ta'lim va tadqiqotlar orqali nufuzli, xalqaro miqyosda tan olingan universitetga aylanishdir. Yuksak orzulari va ambitsiyalari bo‘lgan talabalarimiz muvaffaqiyat haqidagi afsonalarni eng sifatli ta'lim olish va jamiyatga tatbiq etish orqali yaratish va haqiqatga aylantirishga qodirlar. Qo‘qon universiteti va talabalari kelajagini kashf etish uchun bizda quyidagi boshqarish strategiyalari mavjud. 

Birinchidan , amaliy ishlarga yo‘naltirilgan tizimli o‘quv dasturi bu - amaliy mashg‘ulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayotga tatbiq etish uchun mo‘ljallangan. Qo‘qon universiteti faoliyati Qo‘qon shahri va O‘zbekistonning yanada o‘sishiga turtki beradigan iste'dodlarni rivojlantirishga qaratilgan. Buning uchun biz hukumat siyosati va global iqtisodiyotni o‘qib-o‘rganishimiz kerak. Bundan tashqari, tushunish va tahlil qilish maqsadida siyosat va uning yo‘nalishlarini o‘rganish, nazariy ta'lim orqali asosiy bilimni shakllantirish, amaliy tadqiqotlar o‘tkazish va tajribalar to‘plash bilan amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish zarur. 

Qo‘qon universiteti tizimli o‘quv dasturini tuzish, hukumatlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilish orqali turli xil amaliy imkoniyatlarni taqdim etish niyatida.  

Ikkinchidan , professor-o’qituvchilarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash. Ta'lim sifati ilmiy darajalar va professorlarning qobiliyatiga qarab o‘zgaradi. Professorlar o‘zgaruvchan ijtimoiy hodisalarga mos ravishda, doimiy ilmiy tadqiqotlar ustida ishlashlari kerak. Shu maqsadda KU professorlari turli ilmiy anjumanlar va taqdimotlarda ishtirok etadilar, o‘z tadqiqotlarini taqdim etgan professorlarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz, KUni O‘zbekiston va chet eldagi yetakchi universitetlardan biriga aylantiramiz.

Uchinchidan , xalqarolashtirish strategiyasi. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi chet ellik universitet prezidenti ekanligimni aytishdi. Shunday ekan, biz KU allaqachon xalqarolashtirishning eng yaxshi peshqadamiga aylangan, deb ayta olamiz. 

Kompaniyalar xalqaro miqyosda rivojlanishining umumiy sababi bu - chet elda xom ashyo, ishchi kuchi, kapital va texnologiya kabi resurslarni boshqarishdir. Bundan tashqari, kompaniya o‘z mahsulotlarini sotishni kengaytirish maqsadida tor ichki bozordan tashqarida yanada kengroq tashqi bozorni kashf qilmoqda. O‘qishni tugatgandan so‘ng, bizning talabalarimiz xalqaro hamjamiyatga kirib, o‘qib, xalqaro miqyosda mutaxassis bo‘lishga intilishlari kerak. 

KU universitetini xalqarolashtirish uchun asos bo‘lgan chet tili o‘quv dasturini kengaytirish niyatidaman. Kelgusi yilda koreys o‘qituvchilari boshchiligida koreys tili o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha Koreya institutlari bilan muzokaralar davom etmoqda. Bundan tashqari, universitet ta’lim jarayoniga nafaqat chet tillari, balki gumanitar va asosiy fanlar bo‘yicha taniqli xorijiy professorlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. 

Rektor bilan onlayn konferensiyada talabalarimizga xalqaro tuyg‘ularni singdirish kerakligi, shu maqsadda talabalarimiz taniqli chet el universitetlariga borishlari va xorijiy talabalar bizning universitetimizga tabiiy ravishda kelishlarini tashkillashtirish xususida ham so‘z bordi. Koreyadagi bir qator universitetlar bilan memorandumlar imzolanganligi va ayni damda AQSh, Kanada, Vetnam va Xitoy universitetlari bilan almashinuv shartnomalari tuzish maqsadida sa'y-harakatlar qilinayotgani ta’kidlandi.

Janob Sung Joon Lee romantika va orzularga to`la talabalar shaharchasini yaratish xususida ham to`xtaldi.

 “Hayotdagi eng chiroyli va eng yoshlik shijoatiga to‘liq kunlar talabalik yillarida kechadi. Biz yoshlik ruhi va romantikasi yashaydigan va nafas oladigan kampus yaratamiz. Klubning turli tadbirlaridan tashqari, yoshlik ruhini uyg‘otadigan maskanlar, konsertlar, sport musobaqalari, adabiy taqdimotlar, raqs va an'anaviy raqs namoyishlari tashkillanadigan joylarni yaratishga harakat qilamiz. 

Bundan tashqari, bo‘sh vaqtingizda foydalanishingiz mumkin bo‘lgan mustaqil mashg‘ulot xonalari, kafelar va sport zallari mavjud bo‘ladi. Koreyada bir maqol bor "Boshlanish - bu yarim", deganidir. Bizning KU endi birinchi qadamini tashlamoqda. Tashkil etilganiga bir yildan kam vaqt bo‘lgan yosh universitet, lekin allaqachon ko‘p ishlar amalga oshirildi. Shunday ekan, aminmanki, agar biz birlashsak va faol bo‘lsak ertami-kechmi dunyoni hayratda qoldirishga harakat qilamiz!” 

Onlayn konferensida Qo‘qon universiteti rektori talabalarga Koreyadagi talabalar hayot tarzi haqida qiziqarli videotaqdimot namoyish etdi. 

Onlayn konferensiya o‘zaro savol-javoblar asosida qiziqarli o‘tdi.