Qo‘qon universitetining barcha talaba-qizlari va o‘qituvchi-xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bilan hamkorlikda vebinar o‘tkazildi.

Qo‘mita raisi, yu.f.n. Eshmatova Feruza Farhodovna fasilitatorligida o‘tkazilgan vebinarda “O‘zbekiston zamonaviy ichki siyosatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishlari va asosiy tendensiyalari” mavzusida ma’ruza tinglandi.  
Ma’ruzada gender tenglik masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida va "Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi hamda "Ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunlarda o‘z aksini topganligi ta’kidlandi va ushbu muhim hujjatlar mazmun-mohiyati sharhlandi.  


Vebinarda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari O‘zbekistonda milliylashtirilib, amalga oshirilayotganligi, bu maqsadlarning beshinchisi gender tenglik ekanligi alohida ta’kidlandi.  Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va teng imkoniyatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari sanab o‘tildi.  
O‘zaro savol-javoblar asosida qiziqarli va mazmunli  o‘tgan vebinarda ijtimoiy sohalarda xotin-qizlar ishtiroki keng ekanligi, lekin iqtisodiyot, AKT, tashqi siyosat, davlat boshqaruvi sohalarida ham ularning o‘rni va rolini oshirishda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar, gender tenglik qamrab oladigan asosiy masalalar xususida so‘z bordi. Ishtirokchilar barcha savollariga javoblar oldilar. 
Qo‘qon universiteti rahbariyati, o‘qituvchi-xodimlari va talaba-qizlari nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi, yu.f.n Eshmatova Feruza Farhodovnaga dolzarb mavzudagi vebinar uchun tashakkurnoma bildirildi.